To‘g‘ri va aniq statistika — muhim qarorlar uchun asos. Shu maqsadda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi tomonidan umumta’lim maktablarida statistik ma’lumotlarni to‘g‘ri shakllantirish bo‘yicha amaliy seminarlar o‘tkazilmoqda.
24-avgust kuni boshqarmaning Turmush darajasi va ijtimoiy soha statistikasi bo‘limi tomonidan Marg‘ilon shahrida navbatdagi seminar tashkil etildi. Unda shahardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ishtirok etdi. Seminarda M. Rahimova va R. Kodirova tomonidan “1-umumta’lim” statistik hisobotini to‘g‘ri va sifatli to‘ldirish tartibi tushuntirildi. Hisobotdagi ma’lumotlarni aniq kiritish, xatolarga yo‘l qo‘ymaslik va statistik ma’lumotlarni haqqoniy shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, statistik ma’lumotlarni tayyorlashda xolislik, haqqoniylik va shaffoflik tamoyillariga rioya qilish, korrupsiyaning oldini olish hamda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va hisobotni to‘ldirish bo‘yicha zarur tavsiyalarga ega bo‘ldilar.
Maqsad — har bir raqamda aniqlik, har bir hisobotda ishonchlilikni ta’minlash.







