13/04/2026

Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi, Adliya boshqarmasi, Yozyovon tumani MMT bo‘limi tasarrufidagi 32-son umumta’lim maktabi o‘qtiuvchi va xodimlari ishtirokida navbatdagi huquqiy targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.Tadbirda Farg‘ona viloyat statistika boshqarmasi bosh yurist konsulti A.Nurmatov qatnashib, xafta davomida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmuni-mohiyatini yetkazdi. Unga ko‘ra, 2026-yil 16-fevral kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakat taraqqiyotining                    2030- yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-21-son Farmoni qabul qilindi. Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan: “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida erishilgan yutuqlar va mavjud muammolarni hisobga olgan holda samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash; “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlariga erishilishini monitoring qilish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish ekanligi, raqamli platformada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishilishi holati quyidagi toifalarga ajratilishi belgilanganligi: “yashil” – belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichiga o‘z vaqtida va to‘liq erishilgan; “sariq” – belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichiga erishishda kechikishlar mavjud, biroq ularni bartaraf etish imkoni bor; “qizil” – samaradorlik ko‘rsatkichiga erishishda jiddiy kechikishlar mavjud yoki ularga umuman erishilmagan.

Bunda: “yashil” toifaga kiritilgan samaradorlik ko‘rsatkichlariga mas’ul idoralar rag‘batlantiriladi; “sariq” toifaga kiritilgan samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishishda mavjud kechikishlar sabablari tahlil qilinadi hamda ularni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli idoraga zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar beriladi; “qizil” toifaga kiritilgan samaradorlik ko‘rsatkichlariga mas’ul idoralar faoliyati Vazirlar Mahkamasi Rayosatida tanqidiy ko‘rib chiqilishi belgilanganligini bayon qildi.

Shuningdek, endilikda “Kasblar shaharchalari” tashkil etiladi. Joriy yilning 16-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-22-son Farmonini imzoladi. Farmonga ko‘ra, mahallani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ustuvor islohotlarning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan: mahallalarda 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish orqali qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rnini yaratish; mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirib, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish.

Quyidagilar kasblarni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor islohotlarning: 2026/2027 o‘quv yilidan 7 ta hududda ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarida “Kasblar shaharchalari”ni tashkil etib, ular orqali maktab o‘quvchilarini zamonaviy kasblarga yo‘naltirish; 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda stipendiya to‘lash amaliyotini yo‘lga qo‘yish; hududlarda 24 ta malakani baholash markazlarini tashkil etib, mehnat bozorida tan olinadigan sertifikat berishni joriy etish asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan.

Shuningdek, tadbirda  “Korrupsiya – taraqqiyot yo‘lidagi g‘ov” mavzusida ma’ruza tinglandi.

 

Axborot xizmati